Joriy yilning 7 may kuni “Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan Toshkent davlat tibbiyot universitetida keng qo‘lamli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, uchrashuvlar va xotira marosimlari tashkil etildi. Tadbirlar doirasida universitet jamoasi tomonidan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, mehnat faxriylari hamda Vatan tinchligi yo‘lida xizmat qilgan insonlarga alohida ehtirom va e’tibor ko‘rsatildi.

Mazkur tadbirda Toshkent davlat tibbiyot universiteti Yuz-jag‘ jarrohligi kafedrasi assistenti Jurayev Xalim Abdusattorovich ham munosib taqdirlandi. Uning ko‘p yillik samarali mehnati, tibbiyot sohasi rivojiga qo‘shgan hissasi, shuningdek, Afg‘on urushi qatnashchisi sifatidagi xizmatlari universitet rahbariyati va jamoatchilik tomonidan yuksak e’tirof etildi.

Tadbir davomida faxriylarga samimiy tabriklar yo‘llanib, esdalik sovg‘alari va tashakkurnomalar topshirildi. Bu kabi tadbirlar yosh avlodni vatanparvarlik, insonparvarlik va milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.